«Bornmut»da Iraolaning o'rnini kim egallashi ma'lum

«Bornmut» rahbariyati germaniyalik mutaxassis Marko Roze bilan mehnat shartnomasini imzolash bo'yicha kelishuvga erishdi. Sky Sports nashri xabariga ko'ra, 49 yoshli murabbiy mavsum yakunlanganidan keyin ingliz klubi boshqaruvini qo'lga oladi.
Eslatib o'tamiz, yaqinda «Bornmut»ning amaldagi ustozi Andoni Iraola Angliya Premer-ligasining joriy mavsumi tugaganidan so'ng o'z lavozimini tark etishini e'lon qilgan edi.
Marko Roze 2025 yilning martidan beri — Germaniyaning «RB Leyptsig» klubidan ketganidan buyon ishsiz yuribdi. Shuningdek, u faoliyati davomida Dortmundning «Borussiya»si, Myonxengladbaxning «Borussiya»si, Avstriyaning «Red Bull Zaltsburg» va boshqa klublarni boshqargan.
Ayni damda «Bornmut» Angliya chempionati turnir jadvalida 45 ochko bilan 11-o'rinda bormoqda.