Bernardu Silvaning “Real”dagi maoshi haqida ma'lumot paydo bo'ldi

Yarim himoyachi Bernardu Silva tez orada erkin agent maqomida Madridning “Real” klubiga o'tadi. “Qaymoqranglilar” portugaliyalik futbolchi bilan shartnoma shartlarini kelishib olishdi, kelishuv ikki yilga mo'ljallangan.
Insayder Fabritsio Romanoning ma'lumotlariga ko'ra, xavbek “Real”da so'nggi to'qqiz yil davomida to'p tepgan jamoasi “Manchester Siti”dagiga qaraganda kamroq maosh oladi. Kelishuvning barcha tafsilotlari allaqachon hal qilingan.
Avvalroq, Bernardu Silvaning transferini uning vatandoshi Joze Mourino talab qilgani haqida xabar berilgan edi. Mourino kelasi mavsum boshidan jamoaning yangi bosh murabbiyiga aylanadi.