"Bavariya" yirik homiylik shartnomasi imzoladi

"Bavariya" Deutsche Telekom bilan 7 yilga mo'ljallangan ko'p millionli shartnoma imzoladi.
"Bavariya" va Deutsche Telekom hamkorlik shartnomasini 2032 yil yozigacha uzaytirdi. Germaniya chempionlari va Evropadagi eng yirik telekommunikatsiya kompaniyalaridan biri 2002 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda.
Yangi shartnoma 2032 yilga kelib "Bavariya" va Deutsche Telekom o'rtasidagi hamkorlik 30 yil davom etishini anglatadi. Hamkorlikning asosiy e'tibori mobil aloqa va telekommunikatsiya texnologiyalari, raqamli muxlislik xizmatlari va ko'ngilochar tadbirlar, shuningdek, ijtimoiy mas'uliyatga qaratilgan.
Sport1.de xabariga ko'ra, kelishuv "Bavariya"ga yiliga 65 million evrogacha (butun shartnoma davomida 455 million evrogacha) foyda keltiradi. 2027 yilgacha mo'ljallangan oldingi kelishuv shartlariga ko'ra, Deutsche Telekom klubga yiliga taxminan 50 million to'lagan.