"Bavariya" yarim himoyachisi - 17 yoshli Karl haqida: "Hech qachon bunaqasini ko'rmaganman"

"Bavariya" yarim himoyachisi Aleksandr Pavlovich jamoadoshi Lennart Karl haqida gapirdi.
17 yoshli futbolchi shanba kuni Bundesligada "Frayburg"ga qarshi kechgan va myunxenliklarning irodali g'alabasi bilan yakunlangan o'yinda (6:2) gol va samarali uzatma muallifiga aylandi.
"Hech qachon bunday yosh futbolchi o'ziga bunchalik ishonganini ko'rmaganman. Karl - ajoyib futbolchi. U bilan o'ynash juda yoqimli," - deya Pavlovichning so'zlarini keltiradi jurnalist Kerri Xau.
Karl "Bavariya"ning asosiy jamoasi safida joriy mavsumda barcha musobaqalarda 14 ta o'yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 2 ta golli uzatmani amalga oshirdi.