«Bavariya» Kvaratsxeliyani sotib olmoqchi, ammo Xvichani emas

«PSJ» yulduzi Xvicha Kvaratsxeliyaning ukasi, 16 yoshli gruziyalik futbolchi Tornike Kvaratsxeliya Evropaning grand klublaridan biri bilan shartnoma imzolashi mumkin. Goal portali bergan ma'lumotlarga ko'ra, Myunxenning «Bavariya» klubi yosh iste'dod egasini o'z safiga qo'shib olishga jiddiy qiziqish bildirmoqda.
Hozirda kichik Kvaratsxeliya Tbilisining «Dinamo» jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Shuningdek, Tornike Gruziyaning 17 yoshgacha bo'lgan terma jamoasiga ham muntazam chaqirilmoqda.
Eslatib o'tamiz, «Bavariya» ayni kunlarda UEFA Chempionlar ligasi yarim finalida aynan «PSJ»ga qarshi bahs olib bormoqda. Dastlabki o'yinda myunxenliklar parijliklarga 4:5 hisobida imkoniyatni boy berishgan edi. Javob uchrashuvi 6 may kuni Myunxendagi stadionda bo'lib o'tadi.