"Bavariya" markaziy himoyachisi Kim Min Chje yaqin kelajakda klubni tark etishi mumkin, ammo uning A Seriyaga qaytishi dargumon.

"Napoli" sobiq futbolchisi atrofidagi vaziyatni "Milan", "Yuventus" va "Inter" kuzatib bormoqda. Jurnalistlar Mateo Moretto va Fabritsio Romanoning ma'lumotlariga ko'ra, italiyalik klublar janubiy koreyalik markaziy himoyachini o'ziga og'dirib olishi qiyin bo'ladi - u hozir yiliga 8-9 mln evro maosh olmoqda. 28 yoshli futbolchi A Seriya vakillaridan biri bilan kelishish uchun katta maoshdan voz kechishga to'g'ri keladi.

Kim Min Chje 2023 yilning yozida "Napoli"dan "Bavariya"ga o'tgandi. Transfermarkt portali "partenopiyaliklar" sobiq yulduzining narxini 32 mln evroga baholamoqda.