«Bavariya» EChLdagi g'alaba uchun Kompaniga maxsus bonus va'da qildi

Myunxenning «Bavariya» klubi bosh murabbiyi Vensan Kompani agar jamoani Chempionlar ligasi g'olibligiga boshlab kelsa, yirik miqdorda mukofot puli oladi.
Sport Bild nashri xabariga ko'ra, myunxenliklar rahbariyati belgiyalik mutaxassisga nufuzli evrokubokdagi zafar uchun 1 million evro bonus va'da qilgan. Mazkur band Kompanining 2029 yilgacha mo'ljallangan yangi shartnomasida ko'zda tutilgan. Qayd etish lozimki, tomonlar ushbu kelishuvni o'tgan yilning kuzida imzolagan edi.
Vensan Kompani 2024 yilning yozidan buyon Germaniya grandini boshqarib kelmoqda. Uning boshqaruvida «Bavariya» yaqindagina Bundesliga chempionligini muddatidan oldin naqd qildi.
Endilikda nemis klubini EChL yarimfinalida amaldagi chempion — "PSJ"ga qarshi jiddiy imtihon kutmoqda. Jamoalar o'rtasidagi hal qiluvchi bahslar 28 aprel va 6 may kunlari bo'lib o'tadi.