«Bavariya» darvozaboni Angliyaga ko'chib o'tdi

Myunxenning «Bavariya» klubi darvozabon Daniel Peretsni «Sautgempton»ga sotdi.
Avvalroq, ijara muddati yakunlangach, futbolchini taxminan 8 million evro evaziga to'liq sotib olish imkoniyati mavjudligi haqida xabar berilgan edi.
«Sautgempton» klubi myunxenliklar darvozaboni Daniel Peretsning 4 yillik shartnoma asosida jamoamizga doimiy ravishda ko'chib o'tganini e'lon qilishdan mamnun.
25 yoshli golkiper yanvar oyida nemis klubidan ijara asosida kelganidan so'ng, bizning safimizda muvaffaqiyatli davrni o'tkazdi. U «avliyolar»ning mudofaa chizig'i ko'rsatkichlari yaxshilanishiga katta hissa qo'shdi va Tonda Ekert jamoasining Chempionshipdagi 21 ta o'yindan iborat mag'lubiyatsiz seriyasini qayd etishida muhim rol o'ynadi.
Perets ushbu mag'lubiyatsiz seriyaning har bir daqiqasida maydonda harakat qildi va 8 ta uchrashuvda o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi (quruq o'yin o'tkazdi). Shuningdek, «avliyolar» Angliya Kubogi yarim finaliga qadar etib borgan bosqichlarda, Premer-liga vakillari — «Fulxem», «Arsenal» va «Manchester Siti»ga qarshi bahslarda ham unutilmas o'yinlar namoyish etdi.
O'z faoliyatini Tel-Avivning «Makkabi» klubida boshlagan va u erda 100 dan ortiq uchrashuv o'tkazgan Perets, «Bavariya» safida Manuel Noyerning dublyori sifatida 7 ta o'yinda maydonga tushgan edi.
Yakunlangan mavsumning o'rtasida jamoamizga kelib qo'shilgan posbon «Sautgempton» safida barcha musobaqalarda jami 26 ta uchrashuvda qatnashdi. U Chempionshipning tig'iz va og'ir grafigiga juda tez moslasha oldi va mazkur bahslarning faqatgina 2 tasida mag'lubiyat alamini tortdi xolos», — deyiladi «Sautgempton» klubining rasmiy saytida.