"Bavariya" g'alabali seriyasini uzaytirib, rekord o'rnatdi. Myunxenliklar chorshanba kuni Germaniya kubogi doirasida safarda "Kyoln"ni tor-mor etishdi (4:1).

Vensan Kompani jamoasi uchun bu mavsum boshidan beri 14 o'yindagi 14-g'alaba bo'lib, Evropaning kuchli beshlik chempionatlari vakillari orasida barcha davrlar uchun rekorddir.

Avvalgi rekordchi 1992-yilgi "Milan" bo'lgan, u kampaniyani 13 ta g'alaba bilan boshlagan. 1 noyabr, shanba kuni "Bavariya"ning navbatdagi uchrashuvi bo'lib o'tadi. Unga Leverkuzenning "Baer" klubi raqiblik qiladi.

Bundesligada Myunxen grandi 8 turdan keyin 24 ochko va 30:4 hisobidagi to'plar nisbati bilan birinchi o'rinda bormoqda.