«Barselona» yarim himoyachisi: «Keyingi yilda bundan ham kattaroq maqsadlarni ko'zlaymiz»

«Barselona» klubi yarim himoyachisi Mark Bernal jamoaning joriy mavsumda qayd etgan natijalari haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
«Biz «Barsa»ning mavsumdagi ishtirokidan mamnunmiz. Madridning «Atletiko» klubiga qarshi kechgan juda qiyin qarama-qarshilikda Chempionlar ligasi mayda detallar (arzimas xatolar) tufayli qo'limizdan chiqib ketdi, ammo keyingi yilda biz bundan ham kattaroq maqsadlarni ko'zlaymiz», — deya Bernalning so'zlarini keltiradi «Barça Universal» nashri.
Eslatib o'tamiz, «Barselona» 2025/2026 yilgi mavsumda Ispaniya chempioniga aylandi. Shuningdek, Xans-Diter Flik shogirdlari mamlakat Superkubogida ham zafar quchishdi.
23 may kuni «Barselona» mavsumdagi so'nggi uchrashuvini «Valensiya»ga qarshi o'tkazadi. Ispaniya La Ligasining 38-turidan joy olgan ushbu bahs Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da start oladi.