"Barselona" Yamalning jarohati bo'yicha xorijlik mutaxassis bilan maslahatlashdi

"Barselona" qanot hujumchisi Lamin Yamalning holatiga mustaqil baho berish uchun chov jarohatlarini davolashga ixtisoslashgan belgiyalik taniqli shifokorga murojaat qildi. Mundo Deportivo nashrining yozishicha, klub "ko'k-anorranglilar"ning 18 yoshli yulduzi to'g'ri davolanayotganiga ishonch hosil qilmoqchi bo'lgan.
Avvalroq Yamal pubalgiya - chov sohasi surunkali shikastlanishidan aziyat chekayotgani xabar qilingandi.
Sportchilarda pulbalgiyani davolash bo'yicha uch mingdan ortiq holatni qayd etgan shifokor Yamalning ahvolini tahlil qilib, hammasi ijobiy rivojlanayotgani haqida xulosaga keldi. U "Barselona" tibbiy shtabi tomonidan belgilangan kurs, jumladan, jismoniy tayyorgarlik va fizioterapiya to'g'ri ekanligini tasdiqladi. Mutaxassisning baholashicha, jarohat erta bosqichda aniqlangan, bu esa asoratlarning oldini olish imkonini beradi.