«Barselona»ning yosh iqtidori «Atletiko» bilan bahsgacha tiklanishga ulgurmayapti

«Barselona» yarim himoyachisi Mark Bernal Chempionlar ligasi doirasida Madridning «Atletiko» klubiga qarshi kechadigan muhim bahsni o'tkazib yuborishi mumkin.
18 yoshli futbolchi oy boshida to'pig'idan jarohat olgan edi, shu sababli u «ko'k-anorranglilar»ning so'nggi ikki o'yinida ishtirok eta olmadi. Diario AS nashrining xabariga ko'ra, Bernal «matraschilar»ga qarshi EChL 1/4 final javob uchrashuvigacha tiklanishga ulgurmayapti: yarim himoyachi yo og'riq qoldiruvchi vositalar yordamida maydonga tushadi yoki umuman o'yinda qatnashmaydi. Bosh murabbiy Xans-Diter Flik futbolchining sog'lig'ini xavf ostiga qo'yishni va uning qaytishini tezlashtirishni istamayapti. Yakuniy qaror dushanba kuni qabul qilinadi.
Eslatib o'tamiz, «Barselona» qarama-qarshilikning dastlabki bahsida «Kamp Nou»da «Atletiko»ga imkoniyatni boy bergan (0:2). Javob o'yini seshanba kuni, 14 aprelda bo'lib o'tadi.