"Barselona"ga qarshi o'yinda qizil kartochka olgan "Atletik"ning muhim futbolchisi diskvalifikatsiya qilindi

"Atletik" yarim himoyachisi Oyyan Sanset "Barselona"ga qarshi o'yindagi diskvalifikatsiyasi tufayli "Real"ga qarshi maydonga tushmaydi.
22 noyabr kuni "Atletik" La Liga 13-turi doirasida "Kamp Nou"da "Barselona"ga yutqazib qo'ydi (0:4). 52-daqiqada Fermin Lopesning oyog'iga orqadan zarba bergani uchun Sanset qizil kartochka oldi.
Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasining musobaqalar bo'yicha qo'mitasi Sansetni "qo'pol va sportga xos bo'lmagan xatti-harakati" uchun jarimaga tortdi va La Liganing ikkita o'yiniga diskvalifikatsiya qildi. Shu tariqa, yarim himoyachi 29 noyabr va 3 dekabr kunlari bo'lib o'tadigan "Levante" va "Real"ga qarshi o'yinlarni o'tkazib yuboradi.
Qayd etilishicha, "Atletik" qo'mita qarori ustidan apellyatsiya berish huquqiga ega.