"Barselona" yana Xans-Diter Flikning diskvalifikatsiyasini bekor qilishga urinib ko'radi.

Eslatib o'tamiz, "blaugrana" bosh murabbiyi "Jirona"ga (2:1) qarshi o'yinda hakamlar qaroridan norozi bo'lgani uchun ikkita sariq kartochka olgan edi. Ispaniya qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) tartib-intizom qo'mitasi bugun kataloniyaliklarning apellyatsiyasini rad etdi.

Mundo Deportivo xabariga ko'ra, "Barsa" yana bir bor germaniyalik mutaxassisning diskvalifikatsiyasi ustidan shikoyat qilishga urinib ko'radi va RFEF apellyatsiya qo'mitasiga murojaat qiladi.

26 oktyabr kuni "Barselona" La Liga 10-turi doirasida "Real"ga qarshi bahs olib boradi. Flik bu o'yinni o'tkazib yuborishi kerak.