«Barselona» ayollar jamoasi afsonasi klubni tark etishini e'lon qildi

«Barselona» ayollar jamoasining eng taniqli futbolchisi Aleksiya Putelyas o'n to'rt yillik faoliyatidan so'ng klubni tark etmoqda. U klub bilan ayollar futbolida mumkin bo'lgan barcha sovrinlarni qo'lga kiritgan, shuningdek, ikki marta «Oltin to'p» sohibi bo'lgan.
Uning shartnomasi bir oydan so'ng — 30 iyun kuni o'z nihoyasiga etadi. Barcha uning shartnomani uzaytirishini kutgandi, ammo Putelyas klub bilan xayrlashishga qaror qildi. Eslatib o'tamiz, aynan shu klub yaqinda ayollar o'rtasidagi Chempionlar ligasi finalida Frantsiyaning «Lion» jamoasini mag'lub etib, yana bir bor Evropaning eng yaxshisi unvoniga ega chiqdi.
Putelyas «Barsa» safida jami 507 ta o'yin o'tkazib (ayollar futbolida bir mavsumda erkaklarnikiga nisbatan ancha kam o'yin o'tkaziladi), 232 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.