“Barcha orzularingga erishib bo'ldingmi?” — Fernandesh nega “Al-Hilol” taklifini rad etgani sababini ochiqladi

“Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh o'tgan yozda Saudiya Arabistonidan kelgan ko'p millionli shartnomani rad etganining sababini ochiqladi. Ma'lum bo'lishicha, futbolchining bu qarorida rafiqasi Ana Pinoning o'rni katta bo'lgan.
O'tgan mavsumdagi omadsizliklardan so'ng, “qizil iblislar” tarkibni qayta qurishni rejalashtirgan, bu esa jamoa etakchilaridan birining sotilishini ham istisno etmasdi. Shu pallada Saudiyaning “Al-Hilol” klubidan moliyaviy jihatdan o'ta manfaatli taklif tushadi.
Fernandesh oilasining kelajagini ta'minlash maqsadida ushbu variantni jiddiy ko'rib chiqqan. Biroq rafiqasining birgina savoli hammasini o'zgartirib yuborgan:
“Sen futbolchilik faoliyatingdagi barcha orzularingga erishib bo'ldingmi?”
Bu savol Brununi o'z kelajagi haqida o'ylashga majbur qildi. Klub afsonasi Ueyn Runi bilan suhbatda portugaliyalik yarim himoyachi hali ham “Manchester Yunayted” bilan Premer Liga va Chempionlar Ligasida g'olib chiqishni istashini tan oldi.
Natijada Fernandesh pullardan ko'ra sport ambitsiyalarini ustun qo'yib, “Old Trafford”da qolishga qaror qildi. U joriy mavsumda o'zining eng yaxshi o'yinlarini ko'rsatmoqda va jamoaning asosiy etakchilaridan biri hisoblanadi.