«Ayaks» «Real» futbolchisini o'z safiga qo'shib olishga yaqin

Madridning «Real» klubi yarim himoyachisi Dani Sebalos «Ayaks»ga o'tishi mumkin. Amsterdam klubi ispaniyalik futbolchini transfer qilish ustida faol ishlamoqda – mashhur insayder Matteo Morettoning xabar berishicha, «qaymoqranglilar» bilan muzokaralar jadal sur'atda oldinga siljimoqda.
Potentsial transfer qiymati taxminan 6 million evroga baholanmoqda. Dani Sebalosning «Real» bilan tuzgan shartnomasi bir yildan so'ng o'z nihoyasiga etadi.
Avgust oyida 30 yoshga to'ladigan yarim himoyachining Transfermarkt portalidagi hozirgi bozor qiymati 8 million evroni tashkil etadi. O'tgan mavsumda futbolchi Madrid jamoasi safida 23 ta o'yinda maydonga tushgan, ammo birorta ham samarali harakat (gol yoki assist) qayd etmagan.