Avstriya terma jamoasi darvozaboni: «Messi nihoyatda xarizmatik futbolchi, ammo men Ronaldu muxlisiman»

Avstriya terma jamoasi darvozaboni Aleksandr Shlager JCh-2026 doirasida Argentinaga qarshi o'yin oldidan argentinalik hujumchi Lionel Messi haqida o'z fikrlarini bildirdi. Shu bilan birga u Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronalduni ham tilga oldi.
— Aslida men Krishtianu Ronalduning muxlisiman.
Messi uzoq yillar davomida shunchalik yuqori darajada o'yin namoyish etib kelayotgan futbolchiki, unga qarshi nimadir deyish yoki tanqid qilishga urinishning o'zi manmanlik bo'lardi. U nihoyatda xarizmatik inson va bu uning jamoasida ham sezilib turadi. Uning maydonda tarqatayotgan energiyasi va yaratayotgan muhiti juda ta'sirli. Shuning uchun ham bu o'yinni intiqlik bilan kutyapman va biz unga qarshi munosib qarshilik ko'rsatish uchun bor kuchimizni ishga solamiz, — dedi Shlager TyC Sports nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o'tamiz, Argentina — Avstriya uchrashuvi JCh-2026 guruh bosqichining 2-turi doirasida 22 iyun kuni bo'lib o'tadi.
Manba: Stadion.uz