«Aston Villa» va «Barselona» Balogun uchun kurashga qo'shildi

«Aston Villa» hamda Kataloniyaning «Barselona» klublari «Monako» hujumchisi Folarin Balogunga qiziqish bildirishmoqda. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta'kidlashicha, Birmingem klubi hujumchisi Olli Uotkins Saudiyaning «Al-Xilol» klubiga o'tadigan bo'lsa, «Aston Villa» 25 yoshli amerikanlik forvard bo'yicha aniq taklif bilan chiqadi. Evropaning kuchli ligalarida transfer oynasi 1 sentyabr kuni yopiladi.
Balogun o'tgan mavsumda «Monako» safida barcha musobaqalarda 43 ta o'yinda maydonga tushib, 19 ta gol urishga erishgan. Futbolchining knyazlik klubi bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning iyunigacha mo'ljallangan, ammo «Monako» katta summa evaziga uni sotishga tayyor. Transfermarkt portali uni 50 million evroga baholamoqda.
So'nggi vaqtlarda AQSh terma jamoasi hujumchisiga Londonning «Tottenxem» klubi ham jiddiy qiziqish bildirayotgan edi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar