"Aston Villa" "Galatasaroy" himoyachisini nishonga oldi

"Galatasaroy"ning universal himoyachisi Vilfred Singo "Aston Villa" e'tiboriga tushdi. Bu haqda Sabah nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko'ra, "Galatasaroy" 24 yoshli futbolchini sotishdan taxminan 60 million evro ishlab olmoqchi. Ta'kidlanishicha, turk grandi 50 milliondan past takliflarni ko'rib chiqmaydi.
Aytish kerakki, "Galatasaroy" Singoni ikki oy oldin "Monako"dan 30 mln evroga sotib olgandi. Shu vaqtdan boshlab himoyachi barcha turnirlarda ettita uchrashuvda maydonga tushdi va bitta assistni o'z hisobiga yozdirib qo'ydi.
Singoning "Galatasaroy" bilan mehnat shartnomasi 2030 yilning o'rtalariga qadar mo'ljallangan.