«Arsenal» klubi Premer-liga chempionligi uchun kurashga xalal berayotgan ketma-ket jarohatlar sababini aniqlash uchun tashqi ekspert yolladi. The Telegraph nashrining xabar berishicha, bu vazifa ispaniyalik fizioterapevt Xoakin Asedoga topshirilgan.

Xoakin Asedo bosh murabbiy Mikel Artetaning yaqin do'sti hisoblanadi. U so'nggi oylarda jamoa atrofida tez-tez ko'rinish bergan.

Joriy mavsumda «kanonirlar» tarkibida faqat ikki nafar futbolchi — Martin Subimendi va Maylz Lyuis-Skelli jarohat olmadi. Qalgan barcha o'yinchilar ma'lum muddat safdan chiqishga majbur bo'lgan.

Martin Edegor, Kay Xavertts va Bukayo Saka kabi etakchilar uzoq vaqt davolanishdi. Shuningdek, Mikel Merino, Yurrien Timber va Rikkardo Kalafori bilan bog'liq muammolar klub tibbiyot departamentiga bo'lgan bosimni oshirgan.

Klubda jarohatlarning oldini olish va tiklanish jarayonlarini tahlil qiluvchi doimiy ichki tizim mavjud bo'lsa-da, hozirgi holat qo'shimcha tekshiruv o'tkazishni talab qilgan.