Londonning "Arsenal" klubi bosh murabbiyi Mikel Arteta Chempionlar ligasi doirasidagi "Bryugge"ga (3:0) qarshi o'yindagi muvaffaqiyatidan so'ng o'z taassurotlari bilan o'rtoqlashdi.

"Kanonirlar" Noni Maduekening dubli va Gabriel Martinellining goli evaziga Belgiyadan 3 ochko olib ketdi.

"Chempionlar Ligasida o'ynash qanchalik qiyinligini bilamiz. Safarda g'alaba qozonish juda qadrli - ayniqsa, safdan chiqqan o'yinchilar sonini hisobga olsak. Biz himoyada ko'p mehnat qildik va bunday natijaga loyiq edik.

Kristian Nergor bizni har kuni yaxshilab bormoqda - u har qanday pozitsiyada o'ynashga qodir va maydonda unga qancha vaqt ajratilsa ham, har doim ishga juda ajoyib kayfiyat bilan yondashadi," - dedi Arteta o'yindan keyingi intervyusida.