Arteta «Arsenal»ning 22 yil deganda APLda g'olib chiqqani haqida gapirdi

«Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta qo'lga kiritilgan Angliya chempionlik tituli haqida o'z fikrlarini bildirib o'tdi. Ma'lumki, «kanonirlar» 2004 yildan buyon ilk bor mamlakat chempioniga aylanishdi.
«Bu natijaga erishganimiz — aql bovar qilmas darajadagi ish bo'ldi. Bu men hayotimda his qilgan eng ajoyib tuyg'ulardan biridir. Men eng ko'p faxrlanadigan jihat — bu g'alabaga qanday tarzda erishganimiz bo'ldi. Biz nafaqat sportda, balki hayotda ham juda muhim bo'lgan qadriyatlarni namoyish eta oldik. Premer-liga kubogini qo'lga kiritish yoqimli, ammo undan ham yoqimlirog'i — bundan keyin sodir bo'lgan bayram quvonchlarini tomosha qilishdir», — dedi Arteta matbuot anjumanida.
2025/2026 yilgi mavsumda «Arsenal» yana ikkita uchrashuv o'tkazadi — APL doirasida «Kristal Pelas»ga qarshi (24 may) va Chempionlar ligasi finalida «PSJ»ga qarshi (30 may).