Londonning «Arsenal» klubi yozgi transfer oynasi davomida uch nafar futbolchini tarkibiga qo'shib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Fabritsio Romano xabar berdi.

Manba ma'lumotiga ko'ra, klub yuqori saviyadagi vinger, yarim himoyachi va o'ng qanot himoyachisini xarid qilishni maqsad qilgan. Shuningdek, «to'pchilar» uch nafardan ko'proq futbolchini ham sotib olishi mumkinligi, ammo bu ayrim o'yinchilarning jamoani tark etishiga ham bog'liq ekani ta'kidlangan.

Mikel Arteta boshchiligidagi jamoa o'tgan mavsumda Angliya Premer-ligasi chempionligini qo'lga kiritdi. Shuningdek, «Arsenal» Chempionlar ligasi finaligacha etib bordi va hal qiluvchi bahsda Frantsiyaning «PSJ» jamoasiga (1:1, penaltilar seriyasida 3:4) mag'lub bo'ldi.

Avvalroq «Arsenal» va «Manchester Yunayted» «Milan» vingeri Rafael Leau uchun kurash olib borishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Manba: championat.com