Londonning «Arsenal» klubi «Nyukasl»ning italiyalik yarim himoyachisi Sandro Tonalini sotib olish fikridan qaytdi. Bu haqda The Chronicle nashri xabar bermoqda.

Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, «kanonirlar» futbolchining juda yuqori maosh talab qilgani sababli Tonali transferi bo'yicha muzokaralarni boshlamaslikka qaror qilishgan. Ta'kidlanishicha, yarim himoyachi «Arsenal»da yiliga 16,6 million evro ishlab topishni, shuningdek, klub uning agentiga ushbu summaning 10 foizi miqdorida komission to'lov to'lashini istagan.

Hozirgi vaqtda «Nyukasl» bilan muzokaralarni «Tottenxem» klubi davom ettirmoqda. Avvalroq «shporlar» ushbu transferni taxminan 116 million evro evaziga yakunlashga yaqin turganliklari haqida xabar berilgan edi.

Yakunlangan mavsumda Tonali barcha musobaqalarda jami 53 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 7 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Manba: Stadion.uz