«Arsenal» jamoasida standart vaziyatlar bo'yicha murabbiy lavozimida ishlaydigan Nikolya Jover jamoaning muvaffaqiyatlari tufayli katta daromad qildi.

«Kanonirlar» yakunlangan mavsumda standart vaziyatlardan kiritilgan gollar soni bo'yicha Premer-liga rekordini o'rnatdi – 25 ta gol. Londonliklar 22 yil ichida ilk bor «Manchester Siti»ni etti ochkoga ortda qoldirib, chempionlikni qo'lga kiritdi.

Football Insider xabariga ko'ra, Jover standart vaziyatdan kiritilgan har bir gol uchun 10 ming funt sterling (11,5 ming evro) miqdorida bonus olgan. Mikel Arteta shogirdlari barcha turnirlarda raqiblar darvozasini bunday usulda 34 marotaba ishg'ol etishga muvaffaq bo'ldi.

30 may kuni «Arsenal» o'z tarixida ilk bor Chempionlar ligasi g'olibi bo'lishi mumkin – finalda ular «PSJ»ga qarshi maydonga tushadi.