Arne Slot murabbiylik faoliyati davomidagi eng yomon mag'lubiyatli seriya qayd etmoqda

Angliya Premer-ligasi 7-turidan o'rin olgan "Chelsi"ga (1:2) qarshi o'yindagi mag'lubiyat "Liverpul" bosh murabbiyi Arne Slot uchun qatorasiga uchinchi mag'lubiyatli o'yin bo'ldi. Bu uning murabbiylik faoliyatidagi eng yomon seriyaga aylandi, deb yozadi BBC.
Avvalroq mersisaydliklar Angliya chempionatida "Kristal Pelas"ga mag'lub bo'lgandi (1:2), shuningdek, Chempionlar ligasi doirasida "Galatasaroy"ga yutqazgandi (0:1). Arne Slot "Liverpul"ga kelishidan oldin Niderlandiyaning AZ va "Feyenoord" klublarini boshqargan.
Etti turdan so'ng "Liverpul" 15 ochko jamg'arib, APL turnir jadvalida ikkinchi o'rinda bormoqda. Keyingi turda "qizillar" o'z maydonida "Manchester Yunayted"ni qabul qiladi. Uchrashuv 19 oktyabr kuni bo'lib o'tadi.