Argentina terma jamoasi JCh-2026 oldidan bir futbolchisidan ayrildi

Argentina terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati boshlanishi arafasida tarkibiy yo'qotishga uchradi.
Milliy jamoaning rasmiy sahifalarida ma'lum qilinishicha, himoyachi Leonardo Balerdi jarohat sababli mundialda ishtirok eta olmaydi.
— Leonardo Balerdi o'ng oyog'ining kambalasimon mushagidan jarohat oldi va shu sababli Jahon chempionati qaydnomasiga kiritilmaydi. Tezroq sog'ayib ketishingni tilaymiz! — deyiladi Argentina terma jamoasi bayonotida.
26 yoshli futbolchi amaldagi jahon chempionlari himoya chizig'ini kuchaytirish variantlaridan biri sifatida ko'rilayotgan edi, ammo endi u to'rt yillikning eng nufuzli musobaqasini o'tkazib yuboradi.
Eslatib o'tamiz, Argentina terma jamoasi 2022 yil Qatarda bo'lib o'tgan Jahon chempionati g'olibi hisoblanadi. «Albiseleste» o'z tarixida uch marta — 1978, 1986 va 2022 yillarda jahon chempioni bo'lgan.
JCh-2026da argentinaliklar J guruhida ishtirok etadi. Ular Jazoir, Avstriya va Iordaniya terma jamoalariga qarshi bahs olib boradi.
Jamoa sardori Lionel Messi yakuniy qaydnomadan joy olgan. Agar u maydonga tushsa, futbol tarixida olti marta Jahon chempionatida ishtirok etgan ilk futbolchiga aylanadi.