Kilian Mbappe yaqindagina tizzasidagi muammolarni hal qilganiga qaramay, Frantsiya terma jamoasidan chaqiruv oldi. Jud Bellingem esa, jarohatdan tiklanib, 50 kun ichida ilk bor yakshanba kungi o'yinda maydonga tushishi kutilayotgan bo'lsa-da, Angliya terma jamoasiga jalb etildi. «Real» bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa matbuot anjumanida bunga o'z munosabatini bildirdi.

— Mbappening Frantsiya terma jamoasiga chaqirilganiga qanday qaraysiz?

— Juda yaxshi. U tayyor, o'ynashga qodir va ertaga maydonga tushadi. Terma jamoalarga qancha ko'p o'yinchi chaqirilsa, shuncha yaxshi. Bu ularning darajasidan dalolat beradi.

— Bellingemning Angliya terma jamoasiga chaqirilishi-chi?

— Bu borada ham fikrim avvalgidek. U qaydnomadan joy oladi va ertaga o'ynashi kerak.

— Bellingem va Mbappe terma jamoalarga bormay, shu erda mashg'ulot o'tashlarini istarmidingiz?

— Bu menga bog'liq emas. Bunday futbolchilar terma jamoaga bormasligini kuta olmayman. Bu tabiiy hol. Men o'zim ham terma jamoada o'ynaganman va bu nima ekanligini bilaman. Bu — faxr va mas'uliyat.