Turinning «Yuventus» klubi yarim himoyachisi Kefren Tyuram shu yozgi transfer oynasida jamosini o'zgartirishi mumkin. Bu haqda taniqli jurnalist Mirko Di Natale xabar bermoqda.

Manbaning bergan ma'lumotlariga ko'ra, frantsiyalik iqtidorli futbolchiga avvalroq xabar berilganidek, faqatgina Turkiyaning «Galatasaroy» klubi qiziqish bildirayotgani yo'q. Endilikda Angliya Premer-ligasi grandlari — «Manchester Yunayted» va «Liverpul» klublari ham futbolchi uchun kurashga kirishgan.

Ma'lumot uchun, Kefren Tyuram 2024 yilda Frantsiyaning «Nitstsa» klubidan 20 million evro evaziga «Yuventus» safiga kelib qo'shilgan edi. Uning Turin klubi bilan amaldagi shartnomasi 2029 yilning 30 iyuniga qadar mo'ljallangan.

25 yoshli markaziy yarim himoyachi yakunlangan 2025/26 yilgi mavsumda «byankoneri» tarkibida barcha musobaqalarda 45 ta o'yinda maydonga tushib, o'z hisobiga 4 ta gol va 5 ta golli uzatma yozdirib qo'ydi. Nufuzli Transfermarkt portali ayni damda Tyuramning transfer qiymatini 38 million evroga baholamoqda.