Angliya Premer-ligasining 37-turi doirasida «Manchester Yunayted» o'z maydonida «Nottingem Forest» jamoasini qabul qildi. «Old Trafford» stadionida kechgan shiddatli bahsda mezbonlar 3:2 hisobidagi qiyin g'alabani qo'lga kiritishdi.

Uchrashuvda «MYu» safida Lyuk Shou, Mateus Kunya va Brayan Mbemo raqib darvozasini ishg'ol qilgan bo'lsa, mehmonlardan Moratu va Morgan Gibbs-Uayt o'z nomini tabloga yozdirib qo'ydi.

Mazkur bahs «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandesh uchun tarixiy ahamiyatga ega bo'ldi. Portugaliyalik futbolchi uchrashuvda joriy APL mavsumidagi o'zining 20-golli uzatmasini amalga oshirdi va Terri Anri hamda Kevin de Bryuynega tegishli bo'lgan mutlaq rekordni takrorladi.

Ushbu g'alabadan so'ng «Manchester Yunayted» o'z ochkolarini 68 taga etkazib, turnir jadvalida 3-o'rinni mustahkamladi. «Nottingem» esa 43 ochko bilan 16-pog'onada bormoqda.

Ma'lumot uchun, APLning so'nggi turida «qizil iblislar» «Brayton» mehmoni bo'lishsa, «o'rmonchilar» o'z uyida «Bornmut»ni qabul qiladi. O'yinlar 24 may kuni bo'lib o'tadi.

«MANChESTER YuNAYTED» — «NOTTINGEM FOREST» — 3:2

Gollar: Lyuk Shou 5 (1:0), Moratu 53 (1:1), Mateus Kunya 55 (2:1), Brayan Mbemo 76 (3:1), Morgan Gibbs-Uayt 78 (3:2).

«Manchester Yunayted»: Lammens, Shou, Martines, Maguayr, Dalot, Maynu, Kazemiru (Maunt, 81), M. Kunya (Dorgu, 80), Brunu Fernandesh, Diallo, Mbemo (Zirkze, 80).

«Nottingem Forest»: Sels, Nets (J. Kunya, 84), Moratu, Milenkovich, Uilyams, Gibbs-Uayt, Anderson, Dominges (Sangare, 70), Xatchinson (Bakva, 70), Vud (Avoniyi, 70), Igor Jezus (Makeyti, 84).

Ogohlantirishlar: Kazemiru (78), Shou (90) — Anderson (90).

Manba: www.stadion.uz.