Ansu Fati musiqadagi faoliyatini boshladi

«Barselona» klubi sobiq hujumchisi, ayni damda «Monako» sharafini himoya qilayotgan Ansu Fati o'zining ilk musiqiy trekini chiqardi. «Qanday bo'lmasin» deb nomlangan singl haqida futbolchi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali ma'lum qildi.
«Salom! Nihoyat, sizlar bilan ajoyib yangilikni baham ko'rishim mumkin!
19 iyun kuni mening ilk musiqiy singlim — "Sea Como Sea" dunyo yuzini ko'radi. Bu men ulkan ishtiyoq bilan yaratgan va anchadan beri sizlarga taqdim etishni istagan juda ham maxsus loyihadir.
Umid qilamanki, ushbu qo'shiq sizlarga hamroh bo'ladi, yuragingizdan joy oladi va men uchun qanchalik qadrli bo'lsa, siz uchun ham shunday yaqin tuyuladi», — deb yozdi Fati.
Ma'lum qilinishicha, 23 yoshli futbolchi Sony Music sho''ba korxonasi hisoblangan Music Brokers leybli bilan shartnoma imzolagan.
Fati mavsum davomida Nitstsadagi ovoz yozish studiyalarida mashhur prodyuser Gambinoalaprod hamda «Monako»dagi jamoadoshi Pol Pogba bilan birgalikda yashirincha ish olib borgan. Davomiyligi 2 daqiqayu 15 soniya bo'lgan kompozitsiyada afrobits, reggeton va amapiano yo'nalishlari unsurlari uyg'unlashgan.
Manba: Stadion.uz