FIFA qo'pol qoidabuzarlik uchun qizil kartochka olgan Folarin Balogunni diskvalifikatsiyadan qutqarib qolib, xavfli namuna yaratdi. To'g'ri, diskvalifikatsiya rasman mavjud, biroq u bir yillik sinov muddati bilan shartli etib belgilandi.

Endilikda boshqa jamoalar ham, futbolchilarining qoidabuzarligi qanchalik jiddiy bo'lishidan qat'i nazar, apellyatsiya berishni boshlashlari mumkin. Mana, hozirda Angliya futbol assotsiatsiyasi o'z futbolchisining chetlatilishi yuzasidan ehtimoliy apellyatsiya berish haqida o'ylamoqda — himoyachi Jarell Kuansa Meksikaga qarshi o'yindagi qo'pol "podkati" uchun qizil kartochka olgan edi. Inglizlar apellyatsiya berishi mumkinligi haqida jurnalist Rob Dorsett ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, Jahon chempionatining chorak finalida Angliya terma jamoasi Norvegiyaga qarshi maydonga tushadi.

Manba: Stadion.uz