Namanganning “Navbahor” klubi sobiq bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis Qozog'iston va O'zbekiston futboli rivojini solishtirdi. Hozirda Rossiyaning Bryansk shahridagi “Dinamo” klubi bosh murabbiyi hamda funktsioneri bo'lib faoliyat yuritayotgan mutaxassis Qozog'iston futbolining “normal rivojlanishiga” nimalar xalaqit berayotgani haqida fikr bildirdi.

“Qozog'iston bilan solishtirganda, O'zbekiston futboli rivojlanishda juda katta qadam tashladi. Aynan O'zbekiston birinchi bo'lib Jahon chempionatiga yo'l oldi. Abduqodir Husanov esa Angliya Premer Ligasida o'ynamoqda. Ha, Qozog'istonda ham yaxshi futbolchilar bor, biroq u erda futbolning normal rivojlanishiga to'sqinlik qilayotgan muammolar juda ko'p. O'zbekistondagi infratuzilma sobiq sovet hududidagi eng yaxshisi hisoblanadi. Bu erga futbolni tushunadigan mutaxassislar keldi, infratuzilma rivojlantirildi, bolalar va o'smirlar futboliga sarmoya kiritildi. O'zbekistonda ishlash menga juda yoqqan. U erda hamma futbolni rivojlantirishdan manfaatdor.

Qozog'istonda boshqacha. Biz biror tashabbus bilan chiqsak, ayrimlar infratuzilmani o'zimiz bilan olib ketamiz, deb o'ylaydi. “Buning nima keragi bor?” degan savollar beriladi. Maydonlar sifati masalasiga kelsak, u erda futbol o'ynash deyarli imkonsiz. Sun'iy maydonlar futbolni barbod qiladi. Masalan, Qo'stanayda ikkita maydon bor: biri tabiiy, biri usti yopiq sun'iy. Bilamanki, mamlakatda stadionlar qurish rejalashtirilgan, bittasi allaqachon foydalanishga topshirilgan. Ammo keyin-chi? Qog'ozda xohlagancha narsa qurish mumkin. Shunga qaramay, terma jamoa va “Qayrat”ning natijalari tufayli Qozog'istonda futbolga qiziqish oshganini inkor etib bo'lmaydi”, dedi mutaxassis “AsNews.kz” nashriga bergan intervyusida.

Ma'lumot uchun, Andrey Kanchelskis O'zbekistonda “Navbahor”, Qozog'istonda esa Qo'stanayning “Tobol” klubida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritgan.

Manba: daryo.uz