Andoni Iraola o'z o'rinbosari haqida fikr bildirdi

«Bornmut» bosh murabbiyi Andoni Iraola mavsum yakunida uning o'rnini egallaydigan Marko Rozening tayinlanishiga munosabat bildirib, unga o'z qo'llovini izhor qildi.
«O'ylaymanki, klub juda ishonchli qo'llarda bo'ladi. Bu — ajoyib murabbiy. Men uni bir necha yil oldin ham maqtagan edim. Uning jamoalari ko'rsatadigan o'yin menga doim yoqqan va umid qilamanki, bundan keyin ham shunday bo'lib qoladi», — dedi Iraola.
Shuningdek, ispaniyalik mutaxassis Marko Rozening salohiyati va tajribasiga yuqori baho berdi:
«U katta Evropa tajribasiga ega bo'lgan yaxshi murabbiy va uning istiqboli porloq. To'g'ri, u bilan shaxsan tanish emasman, lekin uning jamoalari uslubini doim kuzatib borganman».
Eslatib o'tamiz, avvalroq «Bornmut» mavsum yakunida klubni tark etadigan Iraolaning o'rniga Marko Roze bilan 3 yillik shartnoma imzolaganini rasman e'lon qilgan edi. Nemis mutaxassisi faoliyati davomida «Zaltsburg», «Borussiya M», «Borussiya D» va «RB Leyptsig» kabi jamoalarni boshqargan. Hozirda «Bornmut» APL turnir jadvalida 9-o'rinni egallab turibdi va o'z tarixida ilk bor evrokuboklarga yo'llanma olish uchun kurashmoqda.