Braziliya terma jamoasi Jahon chempionati–2026 guruh bosqichining 2-turidan o'rin olgan Gaitiga qarshi o'yinda Rafinya Diasni jarohat sabab yo'qotdi.

«Barselona» futbolchisi uchrashuvning 40-daqiqasida, hisob 2:0 bo'lib turgan bir vaqtda majburiy ravishda zaxiraga olindi. Qaltis vaziyatga qaramay, braziliyaliklar o'yin oxirigacha yana bir bor raqib darvozasini ishg'ol qilib, yirik — 3:0 hisobidagi g'alabani rasmiylashtirishdi.

«Rafinyaning holati keyingi kuni tibbiy ko'rikdan so'ng ma'lum bo'ladi. Hozircha uning son orqa mushagi qay darajada shikastlanganini aniq ayta olmaymiz», — deya Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelottining so'zlarini keltirmoqda Ispaniya OAVlari.

Insayderlarning xabar berishicha, 29 yoshli futbolchi jiddiy jarohatdan qutilib qolgan ko'rinadi. Biroq uning safga qaytish muddati hozircha ochiqlanmagan.

25 iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 03:00 da «pentakampeonlar» guruh bosqichining so'nggi turida Shotlandiyaga qarshi maydonga tushishadi.

Manba: Stadion.uz