Anchelotti Italiya klublarining EChLdagi muvaffaqiyatsizligi sababini aytdi

Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Italiya klublarining Chempionlar Ligasidagi muammolari haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
Eng nufuzli evrokubokning joriy mavsumida A Seriyaning birorta ham vakili chorak finalga qadar etib bora olmadi. 1/8 final bosqichida Italiya sharafini faqat «Atalanta» himoya qildi va ikki o'yin natijasiga ko'ra «Bavariya»ga 2:10 hisobida imkoniyatni boy berdi.
«Men A Seriya va boshqa chempionatlar o'rtasidagi sur'at (temp) farqini alohida ta'kidlagan Fabio Kapelloning fikriga qo'shilaman. Chempionlar Ligasida bu farq yaqqol ko'zga tashlanib qoladi. «Napoli», «Inter» va «Yuventus»ning juda erta chiqib ketgani, «Atalanta» esa «Bavariya»dan o'nta gol o'tkazib yuborgani bejiz emas», — dedi Anchelotti.
O'tgan yili «Inter» finalgacha etib borgan edi, biroq hal qiluvchi bahsda «PSJ»ga 0:5 hisobida mag'lub bo'lgandi.