Ambrozini: «Rabo va Menyan jamoa uchun juda muhim»

Italiya terma jamoasi sobiq yarim himoyachisi Massimo Ambrozini joriy mavsumda «Milan»ning frantsuz futbolchilari — Adrien Rabo va Mayk Menyanning o'yinlari haqida o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
«Menimcha, Rabo va Menyan «Milan» uchun juda muhim ahamiyatga ega bo'lishdi. Menyan mavsum boshidan beri jamoaga 8 yoki 9 ochko keltirdi — uning seyvlari shunchaki aql bovar qilmas darajada edi», — deya Ambrozinining so'zlarini keltirmoqda GFFN.
«Rabo jamoa mentalitetini butunlay o'zgartirib yubordi. Biz Italiyada «Milan» to'plagan o'rtacha ochkolar haqida gapiramiz. Rabo maydonda bo'lganida, jamoa har o'yinda o'rtacha 2,45 ochko jamg'armoqda, u bo'lmaganida esa bu ko'rsatkich 1,5 dan kamni tashkil qiladi. Hayratlanarli», — deya ta'kidladi Ambrozini.
30 yoshli Rabo joriy mavsumda 24 ta uchrashuvda 5 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Uning tengdoshi Menyan esa 33 ta o'yinda maydonga tushib, 26 ta gol o'tkazib yubordi va 14 marotaba o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.