Alvaresning tanlovi aniq

Xulian Alvaresning kelajagi borasida noaniqlik hukm surmoqda.
Avvalroq «Barselona» «Atletiko» hujumchisini 100 million evro evaziga transfer qilish bo'yicha taklif bilan chiqqani, ammo bu madridliklarni qanoatlantirmagani xabar qilingandi. As nashrining yozishicha, «matraschilar» kataloniyaliklar bilan muzokara o'tkazishni istamayapti va futbolchi sotilmasligini ta'kidlamoqda. «Atletiko» o'z pozitsiyasini Alvares uchun belgilangan 500 million evrolik tovon puli bilan asoslamoqda.
Argentinalik forvardga «PSJ» ham qiziqish bildirmoqda, ular bir necha oy oldin Madrid klubi bilan bog'lanishgan. Klublar o'rtasida iliq munosabatlar mavjud, biroq futbolchining o'zi Luis Enrike jamoasida o'zini ko'rmayapti va aynan «Barsa»ga o'tishni afzal ko'rmoqda.
Xulianni sotib olish imkoniyatini «Arsenal» ham ko'rib chiqmoqda, ammo hozirgi vaqtda hujumchi «Manchester Siti»da o'ynagan Angliyaga qaytishni istamayapti.
O'tgan mavsumda Alvares La Ligada 29 ta o'yin o'tkazib, 8 ta gol urdi va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi.