Alonso "Real"ning diqqatni yo'qotish muammosi haqidagi savolga javob berdi

Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoaning muammosi haqida fikr bildirdi. Yakshanba kuni "qaymoqranglilar" "Alaves"ni katta qiyinchiliklar evaziga mag'lub etishdi (2:1).
Uchrashuvning 24-daqiqasida Kilian Mbappe madridliklarni oldinga olib chiqqan bo'lsa, 68-daqiqada mezbonlar hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo'ldi. Uchrashuv taqdirini Rodrigoning 76-daqiqadagi aniq zarbasi hal qildi.
Uchrashuv yakunlangach, jurnalistlar Alonsodan nega "Real" o'yinlar davomida diqqatini yo'qotib qo'yayotganini so'rashdi.
"Qo'shilmayman - o'yinlar har xil bo'ladi. Bu mavsumda shunday o'yinlar bo'ldiki, ular davomida biroz sekinlashdik, ammo so'nggi uchta o'yinda bunday holat kuzatilmadi," - deya Alonsoning so'zlarini keltiradi Madrid Universal.
"Real" La Liga turnir jadvalida 39 ochko bilan 2-o'rinda bormoqda. Peshqadamlik "Barselona"da (43).