Italiyaning «Milan» klubi ustozi Massimiliano Allegri o'z futbolchilarini ruhlantirish yo'lini topishiga ishonchi komil. Italiyada ko'pchilik futbolchilar «Inter»ga etib olish mumkinligiga bo'lgan ishonchni yo'qotgani sababli bo'shashib qolgan va diqqat-e'tiborni yo'qotgan, deb hisoblamoqda. Allegri esa Chempionlar ligasiga yo'llanma olish ham juda kuchli va zarur motivatsiya ekanligini ta'kidladi.

«To'g'ri, chempionlik poygasidan chiqib ketish motivatsiyaga salbiy ta'sir qiladi, bu fikrga qo'shilaman. Biroq yigitlar bunga munosib javob qaytarishiga va jonlanishiga ishonaman. Chempionlar ligasida ishtirok etish — bu ham katta motivatsiya. Hozir esa bu maqsad xavf ostida turibdi», — deya mutaxassisning so'zlaridan iqtibos keltiradi derbyderbyderby.it.

Eslatib o'tamiz, «Milan» oxirgi marta 2022 yilda Italiya chempioni bo'lgan edi. O'tgan mavsumni esa klub atigi sakkizinchi o'rinda yakunlagan.