Alisson qaytdi - Slot tasdiqladi

"Liverpul" posboni Alisson safga qaytdi. Bu haqda juma kungi matbuot anjumanida mersisaydliklar bosh murabbiyi Arne Slot ma'lum qildi.
"Alisson o'tgan hafta va bu hafta to'liq mashg'ulot o'tkazdi, shuning uchun u ertaga o'ynashi mumkin. Agar bugun hammasi yaxshi o'tsa va u tayyor bo'lsa, asosiy tarkibda maydonga tushadi," - dedi Slot jurnalistlarga.
Ma'lumki, Alisson sentyabr oyining so'nggi oqshomida Istanbulda "Liverpul" "Galatasaroy"ga yutqazganida (0:1) jarohat olgan edi. Braziliyalik darvozabon turli musobaqalarda jamoaning sakkizta o'yinini o'tkazib yubordi.
22 noyabr, shanba kuni "Liverpul" Premer-ligada "Nottingem Forest"ni qabul qiladi.