Aguero "Atletiko" va "Barselona" o'rtasida tanlov qildi

Mashhur sobiq hujumchi Serxio Aguero Madridning "Atletiko" va "Barselona" klublariga bo'lgan munosabati haqida gapirib berdi.
Argentinalik futbolchi 2006 yildan 2011 yilgacha "matraschilar" safida to'p tepgan, "ko'k-anorranglilar" sharafini esa faoliyatini yakunlashidan oldin yarim yil davomida — 2021 yilning iyulidan dekabrigacha himoya qilgan.
"Men ham "Atletiko"da, ham "Barselona"da o'ynaganman. Rostini aytsam, men "Barsa"ga chin ko'ngildan oshiq bo'lib qolganman va hozirda ularni "Atletiko"dan ham ko'proq qo'llab-quvvatlayman", — deya Agueroning so'zlarini keltiradi Ispaniya OAVlari.
Sobiq forvard faoliyatining katta qismini "Manchester Siti"da o'tkazgan va u erda o'n yil davomida to'p tepgan.
Payshanba kuni Ispaniya Kubogining dastlabki yarim finalida "Atletiko" "Barselona"ni tor-mor etdi (4:0).