Abelardo: «Luis Enrike «PSJ» bilan 4-5 marta Chempionlar ligasida g'olib chiqishga qodir»

Ispaniyalik sobiq himoyachi Abelardo o'zining yaqin do'sti va «PSJ» bosh murabbiyi Luis Enrikening maqsadlari hamda erishgan natijalari haqida fikr bildirdi.
Abelardo va Enrike o'z vaqtida «Sporting Xixon», «Barselona» va Ispaniya terma jamoasida birga to'p surishgan.
«Luis juda ambitsiyali va hech qachon g'alabalardan charchamaydi. U futbol tarixida eng yaxshi bo'lishni va o'z merosini qoldirishni istaydi. Uning hisobida ikkita EChL kubogi bor (birinchisini «Barsa» bilan 2015 yilda qo'lga kiritgan — tahr.), lekin u bu musobaqada 4 yoki 5 marta zafar quchishga qodir. Bu u uchun yangi chaqiruv bo'lishi mumkin», — dedi Abelardo.
Shuningdek, sobiq futbolchi «PSJ»ning o'tgan yilgi tarixiy g'alabasini alohida e'tirof etdi:
«U «PSJ»ga ilk EChL kubogini olib keldi va buni juda ta'sirli tarzda amalga oshirdi. Finalda «Inter»ni (5:0) tor-mor etishdan avval Angliyaning uchta grandi — «Liverpul», «Aston Villa» va «Arsenal»ni musobaqadan chiqarib yubordi. Bu penaltilar seriyasidagi tasodifiy g'alaba emas, haqiqiy dominantlik edi».