Abduqodir Husanov O'zbekiston terma jamoasi yig'iniga qo'shildi (Video)

«Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov Nyu-Yorkka etib keldi va O'zbekiston milliy terma jamoasi safiga qo'shildi.
O'zbekiston futbol assotsiatsiyasining Instagram sahifasida APL grandi safida to'p surayotgan 23 yoshli futbolchining terma jamoa bazasiga etib kelgani aks etgan video e'lon qilindi. Kadrlarda futbolchining Nyu-York aeroportida kutib olinishi, unga terma jamoaning rasmiy ramzi — bo'ri o'yinchog'i sovg'a qilingani va politsiya hamrohligida manzilga kuzatib qo'yilgani aks etgan.
«Milliy terma jamoa a'zosi Abduqodir Husanov Jahon chempionati oldidan o'tkaziladigan o'quv-mashg'ulot yig'inlarida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka etib keldi», — deyiladi xabarda.
O'tgan mavsumda Husanov «Manchester Siti» safida muvaffaqiyatli ishtirok etdi: mart oyida «Uembli»da o'tgan finalda «Arsenal»ni 2:0 hisobida mag'lub etib, Angliya Liga kubogini qo'lga kiritdi, may oyida esa Angliya kubogi finalida «Chelsi» ustidan 1:0 hisobidagi g'alaba bilan chempionlikka erishdi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekiston terma jamoasi adaptatsiya maqsadida 26 may kuni Nyu-Yorkka etib kelgan edi. Jamoa 29 mayga qadar u erda o'quv-mashg'ulot yig'inini o'tkazadi, shundan so'ng 1 iyun kuni Edmontonda Kanadaga qarshi o'rtoqlik o'yini uchun yo'l oladi. Keyinchalik jamoa Nyu-Yorkka qaytib, 8 iyun kuni «Icahn Stadium»da Niderlandiya terma jamoasi bilan nazorat uchrashuvida maydonga tushadi. Jahon chempionati 11 iyun kuni start oladi.