Abduqodir Husanov: “Jahon chempionatidan so'ng O'zbekistonni kuchli jamoa sifatida eslab qolishadi”

O'zbekiston milliy terma jamoasi hamda Angliyaning “Manchester Siti” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov O'FA matbuot xizmatiga bergan maxsus intervyusida Jahon chempionatidagi ishtirok, legionerlik faoliyati va o'zbek futbolining rivoji haqida to'xtalib o'tdi.
Iqtidorli himoyachining ta'kidlashicha, O'zbekiston o'z tarixida ilk bor Jahon chempionatiga yo'llanma olgan paytdagi his-tuyg'ularni ifodalash oson emas. JCh-2026 dagi dastlabki o'yinni eslar ekan, Husanov shunday deydi:
“Birinchi Jahon chempionatimiz. Emotsiyalarni ta'riflash qiyin. Maydonga tushganimda yurak tez urishni boshladi. Boshqacha bo'ldi”.
Uning fikricha, bu musobaqa butun jamoaga juda katta turtki bermoqda:
“Hamma motivatsiya olmoqda. Ko'rishyaptiki, o'ynasa bo'ladi. To'rt yildan keyin yana mundial bor. Unga ham chiqishimiz kerak”.
Shuningdek, u ushbu turnirdan so'ng butun dunyo O'zbekistonni “kuchli jamoa deb” eslab qolishiga ishonch bildirdi.
Mamlakatda futbolning hozirgi rivojlanish bosqichi haqida gapirarkan, Abduqodir bu jarayonga yuqori darajada e'tibor qaratilayotganini qayd etdi:
“Mamlakatimizda futbol rivojlanmoqda. Prezidentimizning shaxsan o'zlari yordam beryaptilar. Bunga o'zlari jiddiy kirishgan”.
Xalqaro maydonda o'zbek futbolini qanchalik bilishadi, degan savolga u shunday javob qaytardi:
“Bu — hali boshlanishi. Bir o'zim emas, yana boshqa yigitlar ham qo'shila boshlaydi va bizni yanada yaxshiroq tanishadi. O'zbekistonni tanitish — sharaf”.
Hozirda Angliya Premer Ligasida to'p surayotgan Husanov yoshligidanoq APLda o'ynashni niyat qilganini yashirmadi:
“Albatta, yoshlikdan Angliyaning top-3 jamoasidan birida o'ynashni orzu qilib kelganman. Hozircha hammasi reja bo'yicha ketmoqda”.
Yosh futbolchilarga maslahat berarkan, Husanov har qanday o'yinchi uchun eng muhim xislat bu “tartib-intizom” ekanini uqtirdi. Uning so'zlariga ko'ra, yoshlar tinimsiz ishlashda davom etishlari kerak:
“Ishlashda davom etish kerak. Hozir ko'p skautlar kuzatishni boshlashdi. O'ylaymanki, yana o'zbek futbolchilarining Angliya va Frantsiyaga kelishi boshlanadi”, deya o'z so'zlarini yakunladi futbolchi.
Ma'lumot uchun, O'zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatining ikkinchi turida Portugaliyaga qarshi maydonga tushadi. Ushbu bahs 23 iyun, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan 22:00 da boshlanadi.
Manba: Stadion.uz
Kommentariyalar