Yaponiya klubi Samarqandga keldi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 2267
Xabaringiz bor, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 martdagi PQ-3610-sonli “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 2 iyundagi 410-sonli “Sport turlari bo'yicha ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internatlari faoliyatini takomillashtirish to'g'risida”gi qarorlariga asosan O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida hududiy bolalar-o'smirlar futbol akademiyalari tashkil etilib, bu akademiyalar faoliyatini to'g'ri yo'lga qo'yish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu jumladan, istiqbolli va iqtidorli yosh futbolchilarni tanlash va tayyorlashning samarali tizimini yaratish, bolalar futbolini rivojlantirish va terma jamoalarimiz uchun munosib nomzodlarni shakllantirish borasida katta hajmdagi ishlar bajarilyapti.
2018 yilning 29 noyabr kuni O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov Yaponiyaning «Vanfore Kofu» klubi rahbari, Yaponiya futbol federatsiyasi a'zosi Kazuyuki Umino bilan Toshkentda uchrashuv o'tkazib, bolalar futbolini rivojlantirish, futbol akademiyalari faoliyatini to'g'ri yo'lga qo'yish masalasida o'zaro hamkorlik bo'yicha kelishuvga erishgandi.
Ana shunga asosan, joriy yilning 2 aprel sanasida “Vanfore Kofu” futbol klubi mamlakatimizning bir qator bolalar va o'smirlar futbol akademiyalari bilan halqaro o'rtoqlik uchrashuvlarini o'tkazish maqsadida O'zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar berib o'tgandik.
Bugun Samarqand aeroportida yaponiyalik futbolchilarni kutib olish marosimi tantanali tarzda tashkil etildi. Yurtimizga 18 nafar futbolchi va 7 nafar murabbiylar shtabi bilan tashrif buyurgan yaponiyaliklarni aeroportda karnay-surnay navolari ostida Samarqand bolalar va o'smirlar futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari kutib olishdi. Mehmonlar Samarqand shahridagi "Registon" mehmonxonasiga joylashishdi.
Ertaga 3 aprel kuni "Dinamo" o'yingohida "Vanfore Kofu" klubi Samarqand akademiyasining 17 yoshli tarbiyalanuvchilariga qarshi o'rtoqlik o'yini o'tkazishadi. Keyin esa mehmonlar Samarqandning diqqatga sazovor joylarini aylanishadi. 4 aprel kuni ertalab Yaponiya klubi a'zolari "Afrosiyob" poezdida Toshkentga yo'l olishadi. Toshkentda 4 va 7 aprel kunlari "Vanfore Kofu" klubi "Chig'atoy" va Toshkent shahar bolalar-o'smirlar akademiyasi tarbiyalanuvchilari bilan ikkita o'rtoqlik o'yini o'tkazishi rejalashtirilgan.