APL. Bugun «Vulverxempton» – «MYu»
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 572
Bugun Angliya Premer-ligasining navbatdagi turi boshlanadi. Aslida 33-tur ushbu hafta yakunida start olishi kerak edi, biroq Angliya Kubogi sabab yarim finalchilar ishtirokidagi o'yinlar hafta o'rtasida bo'lib o'tadi.
“Manchester Yunayted” klubi “Vulverxempton” mehmoni bo'ladi. Yaqindagina “bo'rilar” mankunianlarni mag'lub etgan holda Kubokdan chiqarib yuborishgandi, bugun ham “qizil iblislar”ga oson bo'lmasligi aniq. Bu mavsum “Robin Gud” vazifasini bajarayotgan mezbonlar grand jamoalardan ochko tortib olishmoqda. Ole-Gunnar Sulsher shogirdlari uchun mazkur o'yindagi uch ochko suv va havodek zarur.
Bugungi dasturdan shuningdek, “Uotford” va “Fulxem” jamoalari o'rtasidagi bahs ham o'rin olgan. Kubok yarim finalchilaridan biri bo'lgan “Uotford” ligada jon saqlab qolishga harakat qilayotgan londonliklar qarshiligini sindirishga urinib ko'radi.
Ertaga esa “Manchester Siti” o'zida “Kardiff”ni qabul qiladi. O'tgan turda “Chelsi”ga haqiqiy “bosh og'riq” bo'lgan uelsliklar bu safar amaldagi chempion bilan to'qnash keladilar. Agar Pep Gvardiola shogirdlari bu o'yinda ochko yo'qotadigan bo'lishsa, peshqadamlik qo'ldan boy beriladi.
Mazkur turning qolgan uchrashuvlari odatdagidek dam olish kunlarida o'tkaziladi.