Sport federatsiyalari faoliyati qayta ko'rib chiqiladi
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1102
Nurafshon shahrida Toshkent viloyatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish masalalari, sohadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralariga bag'ishlangan muloqot tashkil etildi. Viloyat hokimi G'ulomjon Ibragimov ishtirok etgan uchrashuvda sport sohasi jamoatchiligi, hududda faoliyat ko'rsatayotgan barcha sport federatsiyalarining rahbarlari ishtirok etdi. Bu haqda O'zAga Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatidan ma'lum qilindi. Xabarda qayd etilishicha, uchrashuvda hokim viloyatda faoliyat ko'rsatayotgan sport funktsionerlari va murabbiylarning muammolarini tingladi. Har bir federatsiyaning moddiy-texnik imkoniyati, erishgan natijalari, kelgusi rejalari muhokama qilindi. Bugun Toshkent viloyati sport jamoatchiligini qanday muammolar qiynayapti? Uchrashuvda shu va sohaga daxldor boshqa savollar o'rtaga tashlandi. Ochig'ini aytganda, vaziyat ko'ngildagidek emas. Aksariyat federatsiyalar nochor bir vaziyatda, o'z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib bazo'r jon saqlab kelmoqda. Masalan, viloyat engil atletika federatsiyasining mashg'ulotlar o'tkazadigan alohida maydoni yo'q. Badiiy gimnastika federatsiyasi joyi yo'qligidan boshqa bir tashkilot hududida, og'zaki kelishuvga ko'ra ijara haqi bermaslik sharti bilan (chunki bunga mablag'i yo'q) faoliyat ko'rsatib kelyapti. Qachondir biriktirilgan homiylar bugun turli vajlarni ro'kach qilib, o'zini olib qochyapti. Og'ir atletika federatsiyasi Chinozdagi bolalar va o'smirlar sport maktabi direktori tomonidan boshqariladi. Alohida joyi yo'q. Umuman, ko'plab federatsiyalarga rahbarlik qilish hududlarda faoliyat olib borayotgan bolalar va o'smirlar sport maktablari direktorlarining chekiga tushyapti. Ularning qariyb barchasi oyliksiz, azbaroyi sportga bo'lgan muhabbati, ishtiyoqi tufayli federatsiya ishlarini imkon qadar tashkil etib kelyapti. Ba'zi sport federatsiyalarining rahbari saylanmagan. Xabarda sohadagi ana shu kabi muammolar qayd etilib, yillar davomida to'planib qolgan masalalar, vaziyatni o'nglash, jismoniy tarbiya va sportga rahbarlik qilish ishlarini tizimli ravishda yo'lga qo'yish masalalari keng muhokama qilingani aytiladi. Viloyat hokimi har bir sport federatsiyasining yillik moliyaviy sarf-xarajatlari uchun mablag' ajratish bo'yicha aniq choralar ko'rishini ma'lum qildi. – Bu yil viloyat byudjeti hisobidan yoki homiylar jalb etish yo'li bilan yordam berarmiz. – deydi viloyat hokimi G'ulomjon Ibragimov. – Ammo barcha sport federatsiyalari kelgusi yilda yana homiyga ko'z tikib turadigan bo'lsa, u holda ishimizda nimadir xatolik borligini anglatadi. Sport jamiyatlari uchun yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar, soliq imtiyozlaridan unumli foydalanish kerak. Qo'shimcha mablag' ishlab topish yo'llarini birgalikda o'ylaylik. Viloyat ma'muriyatidan qanday yordam kerak bo'lsa, biz tayyormiz. Federatsiyalar qoshida tadbirkorlik bilan shug'ullanaman desangiz, lozim bo'lsa, bir so'm evaziga sizga bino, er ajratamiz. Bu quruq gap emas, aniq taklif. Shuningdek, sport federatsiyalarining geografik joylashuviga ham e'tibor qaratilib, ular asosan, shaharlar hududlarida joylashgani ommaviy sportni rivojlantirishga to'sqinlik qilishi ta'kidlandi. Yaqin yillarda viloyat sport jamoatchiligi Nurafshon shahriga to'laligicha ko'chirib kelinadi. Barcha federatsiyalar viloyatning ma'muriy markazida faoliyat ko'rsatadi. Ammo ungcha bo'lgan oraliq vaqt ham katta davr. Oldinda esa olimpiada o'yinlariga munosib tayyorgarlik ko'rish, aholi o'rtasida jismoniy tarbiyani keng ommalashtirish vazifasi turibdi. Yig'ilish davomida viloyat hokimi mas'ullarga barcha sport federatsiyalarining pasportini yaratish, respublikada mavjud, biroq, viloyatda yo'q bo'lgan boshqa sport federatsiyalari ishini ham tashkil etish bo'yicha topshiriq berdi. Qayd etish joiz, ayni paytda viloyatda avto-motosport, sinxron suzish, regbi, chim ustida xokkey, qishki sport turlari kabi yo'nalishlarda federatsiyalar faoliyat olib bormayapti. Muloqotda kelgusida hududda sportni rivojlantirishning bosh g'oyasi qanday bo'lishi kerakligi haqida to'xtalib o'tildi. Unga ko'ra, sport jamoatchiligi yirik musobaqalarni mo'ljal qilibgina ishlamasligi kerak. Bosh maqsad – iloji boricha ko'proq aholini sportga jalb etish bo'lishi lozim. Masala shunday qo'yilgan taqdirdagina hududda chempionlar, sport ustalarining chinakam maktabi yaratiladi.
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!