«Binokor»ga kim raqib bo'ladi?
/ Kiritdi: BestMaster Ko'rilgan: 1293
Poytaxtimizdagi “Ice City” ko'ngilochar-sport majmuasida davom etayotgan xokkey bo'yicha tarixiy O'zbekiston birinchi chempionatining pley-off bosqichida kecha navbatdagi uchrashuv bo'lib o'tdi. Pley-off bosqichining ikkinchi finalchisi nomini aniqlab berish uchun “Semurg'” va “Humo” xokkeychilari o'rtasida kechayotgan kurash tobora shiddatli tus olmoqda. Umuman, bu jamoalar o'rtasidagi o'yinlar hamisha keskin va murosasiz kechadi. Shu sabablimi, ular o'rtasidagi bahslarda muxlislar oqimi ham ortib bormoqda. “Semurg'” va “Humo” jamoalari o'rtasidagi seriyaning navbatdagi bahsida “Semurg'” xokkeychilari 6:2 hisobida g'alaba qozondi. Bu natija g'olib jamoani pley-offning final bahsi tomon yaqinlashtirdi. Zero, yana bir yutuq bilan “Semurg'” xokkeychilari finalga yo'l oladi. Pley-off bosqichining navbatdagi bahsi 2 aprel kuni kech soat 20:00 da boshlanadi. Eslatib o'tamiz, yarim finalning ikkinchi juftligida “Binokor” jamoasi qatorasiga uchta o'yinda ham g'alabaga erishib, muddatidan avval final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Ilk marotaba tashkil etilgan O'zbekiston chempionati reglamentiga ko'ra, pley-off bosqichida jamoalar uchta g'alabagacha kurash olib boradi. Agar o'yinning asosiy vaqtida kuchlar teng kelsa, g'olibni aniqlash uchun qo'shimcha vaqt belgilanadi. Unda ham g'olib aniqlanmasa, u holda bullitlar seriyasiga murojaat qilinadi. Tarixiy O'zbekiston birinchi chempionatining g'olibi esa aprel oyida aniqlanadi.
Fikr bildirish
Hali hech kim izoh qoldirmagan. Birinchi bo`lib izoh qoldiring :)!!
Fikr qoldirish uchun Ro`yxatdan o`tish lozim!!!